• O'zbekiston Respublikasi Toshkent sh, Islom Karimov ko'chasi 65

Yangiliklar

2024-03-13

QISQA TUTASHUV SABAB KUYGAN ELEKTR HISOBLAGICHLAR YANGISIGA ALMASHTIRILDI

2023 yilning 28 dekabr kuni Chiroqchi tumani “Mirzatoʼp” mahallasida kuchli shamol kuzatildi. Bu esa hududdagi elektr tarmoqlariga jiddiy ziyon yetkazdi. Xususan, shamol oqibatida elektr tizimida qisqa tutashuv yuz berib, mahallaning Sariqamish qishlogʼida joylashgan 8 ta xonadondagi elektr hisoblagichlar kuyib, yaroqsiz holga kelib qoldi. Xonadon sohiblari bu haqda tuman elektr taʼminoti korxonasi masʼullariga darhol murojaat etishdi. Biroq, yaroqsiz hisoblagichlarni almashtirish masalasi ikki oy davomida hal etilmadi.

Chiroqchi tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan mahallada yashovchi Sh.U. va yana yetti nafar fuqaroning shu haqdagi murojaati oʼrganib chiqildi. Oʼrganish jarayonida, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” talablariga muvofiq, yaroqsiz holga kelgan hisoblagichlar har birining narxi 850 ming soʼmdan boʼlgan, jami 8 ta, 6 million 800 ming soʼmlik zamonaviy onlayn hisoblagichlarga bepul almashtirib berilishi taʼminlandi.

Maʼlumot uchun, amaldagi qoidalarga koʼra elektr hisoblagichlar isteʼmolchining aybi bilan buzilgan taqdirda ularni almashtirish, taʼmirlash, davlat qiyoslovidan oʼtkazish va oʼrnatish isteʼmolchi tomonidan ular qiymati va koʼrsatilgan xizmatlar uchun haq toʼlangan holda, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Аmmo fors-major holatlari yoki elektr taʼminotidagi nosozliklar sabab bunday hol yuz bersa, bu ish albatta, hududiy elektr tamoqlari korxonasi mablagʼlari hisobiga bajarilishi kerak.