Savolga Kasbi tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Rufat BOBOQULOV javob berdi.
Agar tovar (ish, xizmat) haqida notoʻgʻri yoki yetarli darajada toʻliq boʻlmagan ma'lumot berilganligi:
zarur iste'mol xossalariga ega boʻlmagan tovar (ish, xizmat) sotib olinishiga sabab boʻlsa, iste'molchi shartnomani bekor qilishga va oʻziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;
sotib olingan tovar (ish, xizmat)dan koʻzlangan maqsadda foydalana olmaslikka sabab boʻlsa, iste'molchi tegishli ma'lumot oqilona qisqa (koʻpi bilan uch kunlik) muddatda berilishini talab qilishga haqlidir. Agar ma'lumot aytilgan muddatda berilmasa, iste'molchi shartnomani bekor qilib, zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;
iste'molchining hayotiga, sogʻligʻiga yoxud mol-mulkiga zarar etkazilishiga sabab boʻlsa, u ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) oldiga qonunchilikda nazarda tutilgan talablarni qoʻyishga haqlidir.
Iste'molchining tovar (ish, xizmat) haqidagi notoʻgʻri yoki etarli darajada toʻliq boʻlmagan ma'lumot tufayli etkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi talablari sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida iste'molchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi.
Notoʻgʻri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli iste'molchiga etkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim.