Kundalik hayotimizda tovarlar sotib olganimizda, ish va xizmatlarga buyurtma berganimizda iste'molchi huquqlaridan foydalanamiz. Qolaversa, hammamiz har kuni, har qadamda duch keladigan, ayrim hollarda tortishuv, bahs-munozaralarga ham sabab boʻladigan masalalardan biri, aynan iste'molchilar huquqlari bilan bogʻliqdir. Barchamiz – iste'molchimiz. Shunday ekan, iste'molchi sifatida qanday huquqlarga egamiz? Majburiyatlarimiz nimalardan iborat? Iste'mol madaniyatimiz qay darajada shakllangan?
🔸Har birimiz savdo rastalari yoki bozorlardan oʻzimiz va oilamiz uchun xavfsiz va sifati kafolatlangan mahsulotlar xarid qilishni, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati bizning talablarimizga mos boʻlishini xohlaymiz. Biroq har doim ham mahsulot va xizmatlar sifati biz istaganimizdek boʻlavermaydi. Bu borada muammolarga ham duch kelishimiz mumkin. Bunday holatlarda iste'molchi, birinchi navbatda, oʻzining huquqiy bilimlariga tayanadi. Demak, huquqiy bilimlarimizni maktab davridayoq oshirib borishni bugungi zamonning oʻzi talab etmoqda.
Shu maqsadda, Mirishkor tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumandagi umumta'lim maktablarining 10-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Iqtidorli iste'molchi-kelajak tayanchi” mavzusida treninglar oʻtkazilmoqda. Treninglar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda.
Mana shunday tadbirlardan biri tumandagi 28-son umumta'lim maktabida tashkil etildi va oʻquvchilarga iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari hamda bugungi kunda ular muammolarga duch kelayotgan savdo, xizmat koʻrsatish, umumiy ovqatlanish, kommunal, tibbiy xizmat, yoʻlovchi tashish sohalarida har bir iste'molchi bilishi shart boʻlgan huquq va majburiyatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Loyiha doirasida oʻquvchilarning egallagan bilimlari baholanadi va eng yuqori natijalarni koʻrsatgan oʻquvchi tuman miqyosida “Najot-ta'limda, najot-tarbiyada, najot-bilimda” shiori ostida oʻtkaziladigan koʻrik-tanlovda ishtirok etish huquqiga ega boʻladi. E'tiborlisi, oʻquvchilar egallagan huquqiy bilimlar, ularning kelajak hayotida asqatishi, shubhasiz.