Savolga Muborak tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Azamat Nasrullayev javob berdi.
Muzlatgich uzoq muddat foydalaniladigan tovar hisoblanadi. Bunday tovarlarga ishlab chiqaruvchi kafolat muddati belgilashi lozim (masalan 3 yilgacha). Kafolat muddati tovar iste'molchiga sotilgan yoki xizmat koʻrsatilgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tovar sotilgan kunni aniqlashning imkoni boʻlmasa, bu muddat tovar ishlab chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Ishlab chiqaruvchi kafolat muddati mobaynida tovarning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashini ta'minlashi shart.
Butlovchi buyumlarning kafolat muddati, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, asosiy buyumning kafolat muddatidan kam boʻlmasligi lozim.
Kafolat muddati tovar (xizmat)ning pasportida yoki tovarni sotish yoxud xizmat koʻrsatish paytida tovar bilan birgalikda iste'molchiga beriladigan boshqa hujjatda koʻrsatiladi.
Ishlab chiqaruvchi tovardan kafolat muddati va xizmat muddati mobaynida foydalanish imkoniyatini ta'minlashi, tovarning ta'mirlanishini va unga texnik xizmat koʻrsatilishini tashkil etishi, tovarni ishlab chiqarish muddati mobaynida hamda u ishlab chiqarishdan olib tashlanganidan keyin tovarning xizmat muddati mobaynida, bunday muddat boʻlmagan taqdirda esa, tovar ishlab chiqarishdan olib tashlangan paytdan e'tiboran oʻn yil mobaynida etarli hajmda va turda ehtiyot qismlari ishlab chiqarishi hamda savdo va ta'mirlash tashkilotlariga etkazib berishi shart.