• O'zbekiston Respublikasi Toshkent sh, Islom Karimov ko'chasi 65

Yangiliklar

2024-12-05

“Tashabbusli byudjet” loyihalari bajarilishi ustidan jamoatchilik monitoringi o'tkazildi

Nishon tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan “Jamoatchilik nazorati-obodonchilik kafolati” nomli davlat granti loyihasi doirasida tumandagi fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va “Mahalla nazorati” guruhi a'zolari bilan hamkorlikda g'olib deb topilgan “Tashabbusli byudjet” loyihalarining sifatli bajarilishi ustidan jamoatchilik monitoringlari olib borilmoqda. Mana shunday jamoatchilik monitoringi tumandagi “Paxtaobod” mahallasida o'tkazildi.

Qayd etish joizki, mahallaning tashabbusi  “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2024 yil birinchi mavsumida g'olib deb topilgan bo'lib, loyiha doirasida mahallaning Zarafshon, Ziynatli, Saxiy, Ravon, To'maris ko'chalarida elektr ta'minotini yaxshilash maksadida 400 dona beton ustunlar va 5 dona zamonaviy transformatorlar o'rnatish  rejalashtirilgan. Olib borilgan jamoatchilik monitoringi natijasida ko'zda tutilgan ishlar bajarilgan bo'lsada, yangi qurilgan tarmoq va transformatorlar  to'liq ish rejimida elektr tarmog'iga ulanmaganligi va bu mahalla aholsining haqli e'tirozlariga sabab bo'layotganligi aniqlandi.

Shuningdek, loyihaga asosan yangi elektr tarmog'i qurilishini olib borgan quruvchi tashkilot mas'ullari tomonidan  mahalla aholisiga loyiha qiymati, bajarilishi va foydalanishga topshirilishi muddatlari to'g'risida hech qanday ma'lumotlar taqdim etilmagan.

O'tkazilgan jamoatchilik monitoringi natijalaridan kelib chiqib, loyiha doirasida qurilishni amalga oshirgan tashkilot mas'ullari nomiga texnik tadbirlarni o'z vaqtida yakunlash, qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko'rish hamda hudud aholisiga loyiha qiymati va foydalanishga topshirish muddatlari to'g'risidagi ma'lumotlarni taqdim etish haqida “Mahalla raisi so'rovi” yuborilishi ta'minlandi.