Oʻzbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasi Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasi tomonidan xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondining “Tibbiyot sohasida korrupsiyaga barham berish-muhim vazifa” nomli davlat granti loyihasini amalga oshirish yuzasidan hamkor tashkilotlar ishtirokida chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi, sogʻliqni saqlash boshqarmasi, “Yuksalish” harakati viloyat hududiy boʻlinmasi va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi ishtirokida tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq Qarshi shahridagi shifoxona va shifoatxonalarda bemorlarga koʻrsatilayotgan shoshilinch tez tibbiy yordam hamda tugʻruq (fertil) yoshidagi ayollarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar boʻyicha bemorlar va ularning vakillari ishtirokida iste'molchi(mijoz)lar sogʻliqni saqlash sohasida duch kelayotgan korrupsiyaviy holatlar yuzasidan fikrlari oʻrganiladi hamda natijalari tahlil qilinib, umumlashtirilgan ma'lumotlar manfaatdor davlat tashkilotlariga kiritib boriladi.
Shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimidagi korrupsiyaviy holatlarga nisbatan keng jamoatchilikda murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida sohaga oid qonunchilik hamda pullik va bepul tibbiy xizmatlar haqidagi huquqiy axborotlarni oʻzida jamlagan “Sogʻliqni saqlash sohasida iste'molchilarning asosiy huquqlari” nomli targʻibot vositalarini chop etib, iste'molchi (mijoz)larga tarqatish va Qarshi shahridagi davlat tibbiyot muassasalariga barchaga koʻrinarli joylarga oʻrnatish rejalashtirilgan.
Loyiha asosida keng jamoatchilik fikri asosida umumlashtirilgan ma'lumotlar boʻyicha tibbiyot sohasi mas'ullari ishtirokida jamoatchilik eshituvlari tashkil etib boriladi hamda sohada mavjud korrupsiyaviy holatlarning oldini olish boʻyicha bajarilishi muhim boʻlgan vazifalar belgilab olinadi.
Loyiha xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda.