Inson va tabiat bir butundir. Ularni ayri holda tasavvur eta olmaymiz. Biroq so'nggi yillarda tabiiy resurslardan foydalanish hajmi va sur'atining o'sib borishi tufayli insoniyatning tabiatga ko'rsatayotgan ta'siri tobora kuchaymoqda. Bu o'z navbatida, qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, butun dunyoda bo'lgani kabi O'zbekistonda ham qattiq maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish dolzarb masala hisoblanadi.
Chiqindilar bilan bog'liq masala-hamisha dolzarb
Bugungi kunda mamlakatimizda chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish tizimini isloh qilish doirasida hududlarni sanitar tozalash bo'yicha ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, maishiy chiqindilarni to'plash va hududlardan olib chiqishning samarali mexanizmlarini joriy etish yuzasidan izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan hududlarda 174 ta tuman (shahar) filiallaridan iborat 13 ta «Toza hudud» va “Maxsustrans” davlat unitar korxonalari tashkil etilgan bo'lib, ushbu sohaga elektron tanlovlar asosida hududlarni biriktirishning shaffof mexanizmlari orqali tadbirkorlik sub'ektlari ham faol jalb qilinmoqda.
Shu bilan birga hududlarda maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish ishlarida ayrim muammolarning mavjudligi chiqindilar bilan bog'liq samarali tizimni shakllantirishga hamda sohani yanada rivojlantirishga to'sqinliklarni yuzaga keltirmoqda.Jumladan, maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish xizmatlarini ko'rsatuvchi tashkilotlar tomonidan to'g'ridan-to'g'ri iste'molchilar bilan shartnomalar tuzilmasligi natijasida to'lov intizomi darajasi tushib ketishi, buning oqibatida xizmat ko'rsatish sifatining pasayishi, shuningdek, iste'molchilar tomonidan to'langan to'lovlarning yagona hisobi to'g'ri yuritilmasligi oqibatida naqd pul mablag'larining bankdan tashqari aylanishi va ularning o'zlashtirilishi holatlariga zamin yaratilmoqda. Bunday holatlar oxir-oqibat mazkur sohada yetarli moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlarning yo'qotilishiga olib kelmoqda. Masalan, bugungi kunda iste'molchilar bilan tuzilgan shartnoma shartlariga ko'ra, xizmat ko'rsatuvchi tashkilotlar chiqindi to'plash shoxobchalaridan har kuni bir marta, yakka tartibdagi xonadonlardan signal usulida har uch kunda bir marta maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishlari lozim. Biroq, amalda mahallalarga bir oydan ortiq vaqt mobaynida maishiy chiqindilarni olish uchun transport vositalarining bormasligi holatlari kuzatilmoqda. Bu esa mazkur sohada iste'molchilardan ko'rsatilmagan xizmatlar uchun ortiqcha haq olish ko'rinishidagi korruptsiyaviy holatlarning mavjudligini ko'rsatadi.
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Shahrisabz tumani jamiyati tomonidan mazkur masalaga keng jamoatchilikning e'tiborini qaratish, bu borada iste'molchilarning huquqiy ongini oshirish hamda ularning fikrlarini sotsiologik tadqiqotlar (ijtimoiy so'rovnomalar) asosida o'rganish va umumlashtirilgan ma'lumotlarni vakolatli davlat organlariga kiritish orqali samarali jamoatchilik nazoratini o'rnatish maqsadida xalq depututlari Qashqadaryo viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondining “Ozodalikni saqlashga korruptsiyasiz erishaylik” nomli davlat granti loyihasi amalga oshirilmoqda.
Asosiy maqsad-ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish
Loyihani amalga oshirishdan asosiy maqsad-iste'molchilarning maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish xizmatlarini ko'rsatish qoidalari, tartiblari va shartlari bo'yicha huquqiy bilimlarini oshirish orqali ularda mazkur sohadagi korruptsiyaviy holatlarga nisbatan murosasiz munosabatni hamda yuksak iste'mol madaniyatini shakllantirishdir.
Shuningdek, loyiha doirasida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning bugungi kundagi ahvoli to'g'risida iste'molchilar o'rtasida sotsiologik tadqiqot(ijtimoiy so'rovnoma)lar o'tkazilmoqda. Shu orqali ularning fikrlarini o'rganish, tahlil qilish va umumlashtirilgan ma'lumotlarni manfaatdor davlat idoralariga muhokama uchun kiritish, mas'ul shaxslarining ushbu sohadagi ko'rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish ko'rinishidagi korruptsiyaviy holatlarga e'tiborini qaratish hamda iste'molchilarning mazkur sohada buzilgan huquqlarini tiklash maqsad qilingan. Bu boarda bir qator ta'sirchan jamoatchilik nazoratmi tadbirlari olib borilmoqda. Shuning bilan bir qatorda, aholi o'rtasida maishiy chiqindilarni kamaytirish, ulardan ikkilamchi foydalanish bo'yicha ko'rgazmali tushuntirishlar olib borilmoqda.
Har bir inson chiqindi chiqaradi
Har kuni katta miqdorda keraksiz materiallar (ashyolar) chiqindiga aylanadi. Chiqindilar to'planish hajmining muntazam ravishda o'sishi va ularni utilizatsiya qilish vositalarining yetishmasligi respublikamizning ko'pgina shaharlarida muammolarga sabab bo'lmoqda. Qattiq maishiy chiqindilar to'planishining o'rtacha me'yorlari bevosita uy-joy fondida aholi jon boshiga yilda 240-328,5 kg. ga yetadi.
Arzon plastiklar bizga qimmatga tushadi
Bir marta ishlatiladigan plastik qadoqlash materiallarining arzonligi atrof-muhit muhofazasi uchun aksincha qimmatga tushadi. Plastik tuproqqa tushgandan keyin uning kimyoviy va fizik xususiyatlarini o'zgartirib yuboradi.
Insoniyat parchalanmaydigan birikmalarni ixtiro qildi. Ularga turli xil qadoqlash materiallari, suyuqliklarni saqlash uchun idishlar, kauchuk, lavsan, sintetik polimerlar, yuvish vositalari, bo'yoqlar kiradi. Bunday kimyoviy mahsulotlarning barchasi uzoq muddatda atrof-muhit va odamlar hayoti uchun zararli moddalar chiqarib parchalanadi.
Chiqindilarni saralashga o'rganaylik
Qattiq maishiy chiqindilarni saralash ozodalikni ta'minlash sari qo'yilgan birinchi qadamdir. Bu barchamizga bog'liq masala bo'lib, chiqindilarni chiqindixonaga yuborish tartibimizni o'zgartirishni talab qiladi. Ya'ni, xonadonimizdan chiqqan chiqindini saralashga odatlanishimiz lozim. Bu poligonga ko'mish uchun yo'naltiriladigan chiqindi hajmining qisqarishiga sabab bo'ladi.
Biroq chiqindini saralab yig'ishda jamoatchilik ishtiroki past darajada bo'lib, bu aholining ekologik madaniyati yetarli rivojlanmaganidan dalolat beradi. Demak, bu masalaga munosabatimizni o'zgartirimiz kerak. Chiqqan chiqindini uyimizdan nari, deb o'ylaymiz. Shunday o'ylasak xato qilamiz. Hammasi biz uni qanday saralab chiqarayotganimizga bog'liq. Aks holda uning mudhish oqibatlari uyimizga qayta-qayta kirib kelaveradi.
Aslida chiqindi-muhim xomashyo
Tasavvur qiling, konserva banka 8-10 yilda, plastik idish va paketlar quyosh nuri tushganda 150 yilda, agar tuproq ostida bo'lsa 400 yilda chiriydi. Turli ichimliklarning alyuminiy qutilari 500 yil, shisha idishlar esa ming yillab yotaveradi. Bu muammoni hal etishning oqilona usuli-chiqindilardan xomashyo sifatida keng foydalanishdir. Biz qayta ishlanadigan qog'oz karton, polimerlar, metall, eskirgan maishiy texnikalar, kiyim-kechaklar, simobli lampochkalar, termometrlar, batareyalarni saralab, qayta ishlashga beribgina o'zimiz yashaydigan hududni ifloslanishdan saqlaymiz.
Unutmasligimiz kerak, qattiq maishiy chiqindilarning 60-80 foizi qayta ishlashga yaroqli materiallardir. O'zbekistonda 20-30 foiz chiqindi qayta ishlanadi. Qolganlari chiqindi poligonlariga olib ketiladi.
Chiqindilarni saralash va qayta ishlashga topshirish orqali biz: chiqindilar hajmini hamda uni to'plash, saqlash, tashish va ko'mish bilan bog'liq xarajatlarni kamaytirishga hamda ikkilamchi moddiy resurslarni yig'ish va xomashyoni sotishdan olinadigan daromadlar miqdorining oshishiga hissa qo'shamiz.
Hasharlarni ekologik muammoga aylantirmaylik
Bahor va kuz oylarida hasharlar tashkil etish, obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish xalqimizga xos an'analardir. Biroq, o'tgan yildan qolgan o'simlik qoldiqlari va maishiy chiqindilar uyumlarining yoqib yuborilishi o'tkazilayotgan hasharlarni ekologik muammoga aylantirayotganligi ham sir emas. Ayniqsa, qishloq joylarda chiqindilarni yoqib yuborish tez-tez uchraydi. Ulardan ko'tarilgan tutun sog'ligimizga salbiy ta'sir etibgina qolmay, ekologik muvozanatni ham buzadi.
Har birimiz mas'ulmiz
Maishiy chiqindilarning kamayishiga har birimiz o'z hissamizni qo'shishimiz mumkin. Buning uchun har bir inson ixtiyorida uchta asosiy omil bor.
Birinchisi: olishingiz bilan chiqindiga aylanadigan narsalarni xarid qilishdan cheklaning.
Ikkinchisi: avval kerak bo'lgan va hozirda keraksizdek tuyulgan narsalarni ikkinchi marotaba ishlatish mumkin.
Uchinchisi: umuman keraksiz bo'lgan narsalarni qayta ishlashga topshirish mumkin.
Oila sharoitida maishiy chiqindilarni kamaytirishni, avvalo “Chiqindi chelagiga tashlash uchun tug'ilgan” mahsulotlarni qisqartirishdan boshlash kerak. Siz bilan biz hosil qilayotgan chiqindilarning uchdan bir qismini mahsulotlarni o'rash va joylashtirish uchun qo'llanilgan materiallar tashkil etadi. Shuningdek, bir martalik foydalaniladigan buyumlar ham tez chiqindiga aylanadi. Demak, bunday buyumlardan ikkilamchi foydalanishimiz yoki shu maqsadni ko'zlagan manzilga topshirimiz lozim. Zero, yig'ishtirib turilgan joy emas, ifloslantirilmagan joy tozadir.
Qanday huquq va majburiyatlarimiz bor?
Huquq va majburiyatlar maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlarini ko'rsatuvchi va iste'molchi o'rtasida yuzaga keladi.
Iste'molchi quyidagi huquqlarga ega?
-shartnomaga muvofiq zarur ko'lamda, belgilangan sifatda, uning hayoti va salomatligi uchun xavfsiz bo'lgan, mulkiga zarar yetkazmaydigan xizmatlardan foydalanish;
-xizmat ko'rsatishning amaldagi tartibi, talablari, qoidalari va o'zgarishlar to'g'risida ma'lumot olish;
-qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqishning minimal davriyligiga rioya etilishini talab qilish: chiqindi to'plash shoxobchalaridan – bir kunda bir marotaba va yakka tartibdagi turar joy sektoridan «signal» usulida – uch kunda bir marotaba;
-o'n ikki oydan ortiq bo'lmagan davr uchun oldindan haq to'lash, keyinchalik tegishli tariflar oshganda qaytadan hisob-kitob qilmaslik va shartnomada belgilangan boshqa huquqlar.
Yirik gabaritli, qurilish chiqindilari, suyuq maishiy va boshqa chiqindilar alohida to'lov evaziga olib chiqiladi.
Qattiq maishiy chiqindilar har bir hududda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan kelishilgan jadvalga muvofiq belgilangan tartibda muntazam olib chiqilishi lozim.
Xulosa o'rnida
Xizmat ko'rsatuvchi tashkilotlar tomonidan sifatsiz xizmat ko'rsatilishi, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqishning minimal davriyligiga rioya etmaslik, asossiz to'lovlar hisoblash, ko'rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish kabi holatlar kuzatilayapti. Maqsadimiz iste'molchi ko'rsatilgan xizmat haqini o'z vaqtida to'lasin, xizmat ko'rsatuvchi esa chiqindini o'ttiz kunda emas, rasmiylashtirilgan ommaviy shartnomada nazarda tutilganidek uch kunda olib ketsin. Mamlakatimiz ozodaligini birga ta'minlaylik.
Axmad QODIROV,
Shahrisabz tumani istemolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi.
Loyiha xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondining moliyaviy ko'magida amalga oshirilmoqda.