• O'zbekiston Respublikasi Toshkent sh, Islom Karimov ko'chasi 65

Yangiliklar

2024-07-31

Yarim yillik faoliyat natijalari muhokama etildi

O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yigʻilishda hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlari tomonidan 2024-yilning birinchi yarim yilligi davomida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahliliy muhokama etildi. Jamiyatda iste'molchilik harakatini  qaror toptirish ko‘p jihatdan mazkur sohaga oid qonunchilikning aholi o‘rtasida targ‘ibotini kuchaytirishga bog‘liqligi qayd etilib, amalga oshirilayotgan ma'rifiy ishlar samaradorligini yana-da  oshirish muhimligi ta'kidlandi. Shuningdek,  hududiy birlashma va  tuman (shahar) jamiyatlari raislari  amaldagi iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar berishdi.

Xususan, iste'molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida amalga oshirilayotgan jamoatchilik nazorati tadbirlarini bugungi kun talablari darajasida tashkil etish, uning ta'sirchan mexanizmlarini yaratish va bu borada vakolatli davlat idoralari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa jamoatchilik tuzilmalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish muhimligi yuzasidan kengash a'zolarining axborotlari va takliflari eshitildi.

Qayd etish joizki, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida viloyatdagi 165 ta oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi subyektlarda jamoatchilik monitoringlari o‘tkazilib, 400 turdagi qiymati 40 million so‘mdan ortiq bo‘lgan iste'molga yaroqlilik muddati o‘tgan, sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarining savdodan olinishi hamda savdo shoxobchalariga nisbatan tegishli ta'sir choralari ko‘rilishi ta'minlangan.

Yigʻilish so'nggida iste'molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilik ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamini yana-da oshirish yuzasidan kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.