Bugungi kunda davlat boshqaruvi o‘z mohiyatiga ko‘ra tubdan o‘zgarib, vakolatlarni taqsimlash va jamiyat bilan hamkorlik qilish tamoyillariga asoslangan yangi bosqichga o‘tmoqda. Mazkur jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni tobora ortib bormoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari va boshqa fuqarolik institutlari jamiyat manfaatlarini ifoda etish, aholi muammolarini ko‘tarish va ularni hal etishda muhim subyekt sifatida maydonga chiqmoqda.
Ayniqsa, davlat ijtimoiy buyurtmasi va autsorsing mexanizmlari orqali NNTlarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish masalasi bugungi islohotlarning markaziy yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ushbu mexanizmlar davlat funksiyalarini samarali taqsimlashga xizmat qilib, davlat va jamiyat o‘rtasida ishonchli hamkorlik muhitini shakllantiradi.
Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash — ayrim ijtimoiy vazifalarni amalga oshirishni NNTlarga ishonib topshirish orqali jamiyat resurslarini safarbar etish mexanizmi hisoblanadi. Bu orqali davlat o‘z vazifalarini bajarishda jamoatchilik salohiyatidan samarali foydalanadi, nodavlat sektor esa o‘z tashabbuslari va tajribasini amaliyotga tatbiq etish imkoniga ega bo‘ladi.
Prezidentimizning shu yil 16-fevraldagi PF–22-son farmoni bilan tasdiqlangan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston–2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida ijtimoiy buyurtma va autsorsing mexanizmlari orqali nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Mazkur hujjat davlat organlari tomonidan byudjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolik jamiyati institutlari uchun davlat ijtimoiy buyurtmasi bo‘yicha majburiy kvotalar belgilash, autsorsingga o‘tkaziladigan davlat funksiyalari ro‘yxatini shakllantirish hamda ayrim davlat funksiyalarini NNTlarga bosqichma-bosqich o‘tkazish hajmini kengaytirishni nazarda tutadi. Shuningdek, autsorsingga berilgan funksiyalar ijrosi samaradorligini baholash, natijalar asosida kvotalar va mexanizmlarni takomillashtirib borish ham ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, davlat ijtimoiy buyurtmalari uchun majburiy kvotalarni belgilashda bandlikni ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash, ekologik barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlar masalalari kabi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.
Ushbu yondashuv nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat boshqaruvidagi ishtirokini tizimli ravishda kengaytirishga xizmat qiladi. Davlat ijtimoiy buyurtmasi va autsorsing mexanizmlari orqali NNTlar davlat qarorlarini shakllantirish va amalga oshirish jarayonlarida faol ishtirok etuvchi subyektga aylanadi.
Shu bilan birga, mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar ularning amaliy tajribasi va institutsional salohiyati yetarli ekanini ko‘rsatmoqda.
Xususan, aholini kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash yo‘nalishidagi loyihalar amaliy samaradorligi bilan alohida e’tiborga loyiq. Qashqadaryo viloyatida “Yuksalish” axborot-maslahat resurs markazi hamda “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari tomonidan minglab ishsiz yoshlar va ehtiyojmand qatlamlar kasbga o‘qitilib, ularning bandligi ta’minlangan.
Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi loyihalar ham samarali natijalar bergan. O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi viloyat bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan loyiha doirasida Ko‘kdala tumanidagi “Torjilg‘a”, Shahrisabz tumanidagi “G‘elon”, Muborak tumanidagi “Paxtakor” hamda Chiroqchi tumanidagi “Quruqsoy” mahallalarida ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan amaliy ishlar amalga oshirilgan.
O‘zbekiston ayollar va qizlar uyushmasi viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan amalga oshirilgan loyiha doirasida esa G‘uzor tumanidagi “Yarg‘unchi”, “Yangkent”, Shahrisabz tumanidagi “Qumqishloq” va “Ko‘l”, Koson tumanidagi “Gulbog‘”, “Ravot”, Muborak tumanidagi “Geolog”, “Beshariq” hamda Kasbi tumanidagi “Mustaqilobod” mahallalarida ehtiyojmand aholi doimiy daromad manbaiga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Sog‘liqni saqlash yo‘nalishida ham NNTlarning ishtiroki aholi salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Shifokorlar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan Kasbi tumanidagi “Pandiron”, Yakkabog‘ tumanidagi “Qayrag‘och” hamda Shahrisabz shahridagi “Zargarlik” mahallalarida sog‘lomlashtirish va davolash tadbirlari tashkil etilgan.
Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi loyihasi doirasida esa Yakkabog‘ tumanidagi “O‘rta”, Kitob tumanidagi “Beshariq” va Dehqonobod tumanidagi “Bozortepa” mahallalarida ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar sog‘lomlashtirish tadbirlariga qamrab olingan.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishidagi loyihalar hududlarning barqaror rivojiga xizmat qilmoqda. “Ekosfera” nodavlat notijorat ekologiya markazi tashabbusi bilan Ko‘kdala tumanida iqlim sharoitiga mos, suv tanqisligiga chidamli daraxt turlarini ekish masalalari o‘rganilib, ijtimoiy soha obyektlarida keng ko‘lamli ko‘chat ekish aksiyalari o‘tkazilgan.
Yoshlarning tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish yo‘nalishida ham qator loyihalar amalga oshirilgan bo‘lib, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan viloyatdagi ish bilan band bo‘lmagan yoshlar va yosh tadbirkorlar qamrab olingan, ular uchun mahorat darslari tashkil etilib, tadbirkorlikka yo‘naltirilgan.
Albatta, bu kabi tashabbuslar NNTlarni davlat bilan hamkorlikda ijtimoiy islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirmoqda. Shu bois, kelgusida mazkur faoliyatni davlat ijtimoiy buyurtmasi va autsorsing mexanizmlari orqali izchil qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish maqsadga muvofiqdir. Bu bir tomondan aholining dolzarb ijtimoiy muammolariga manzilli va samarali yechimlar topish imkonini bersa, ikkinchi tomondan nodavlat notijorat tashkilotlarining institutsional salohiyatini mustahkamlab, ularni davlat boshqaruvi jarayonlarida barqaror hamkor sifatida shakllantiradi. Shuningdek, mazkur mexanizmlar orqali amalga oshirilayotgan loyiha va dasturlar ustidan jamoatchilik nazoratini tizimli ravishda kuchaytirish hamda fuqarolarning qarorlar qabul qilish va ularning ijrosini baholash jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlari oshadi.
BAHROM ESHQUVATOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.